95-96 yillar edi, chamasi 8-9 yoshlar atrofida edim. Dadam bilan xontaxta atrofida o’tiripmiz. Guruch tozalayapmiz. Dadam mendan “Bitta qoshiqqa nechta guruch sig’adi?” deb so’radi. Tabiiyki javobini bilmayman. Nega uni bilish kerak deb so’rasam, “nechta guruch bor ekanligini men ham bilmayman, shuni sanab chiqsang, men bilmagan narsani bilgan bo’lasan” dedi. Dadam men uchun hamma narsani biladigan inson edi. Men uchun dadam bilmagan narsani bilishim mumkinligi umuman begona edi. Bunday deb javob berishi, dadam bilmagan narsani bilishim imkoniyati borligini anglatar edi.

Shunda “sanab chiq, zerikarli bo’lishi mumkin, lekin ohirida nechtaligini bilib olamiz. Sanab chiqsang 5 so’m beraman” dedi.

Nechtaligini bilish qiziq bo’lgani uchunmi yoki 5 so’m olish motivatsiya bo’lgani uchunmi, o’tirib sanab chiqmoqchi bo’lgan edim. Ancha vaqt ketgan, orada 3-4 marta adashib ketdim, boshidan boshladim, bo’g’ildim. Dadam indamay kuzatib turdi. Yana bir marta adashganimda, ikkita qog’oz bilan qalam olib kelishimni aytdi. Olib keldim. Bir qoshiq guruchni to’ldirib oldi, men olgandan ko’proq qilib oldi. “Dadaaa, ko’pu bu!” deb noliganday ham bo’ldim.

Bir qoshiq guruchni bitta qog’oz ustiga to’kdi va tekislab yoydi. Keyin 10 tacha kichikroq qismlarga bo’ldi. Har bir qismni atrofini ruchka bilan chizib xalqa qilib chiqdi va har bir xalqaga raqam qo’yib chiqdi. Ikkinchi qog’ozga raqamlarni yozib chiqishimni aytdi. Birdan o’ngacha raqamlarni yozib chiqdim. Endi birinchi xalqadan boshlab sanab, uni tugatib bo’lganingdan keyin ikkinchi qog’ozga har bir raqam ro’parasiga har bir xalqada nechta chiqqanini yozib chiqishimni aytdi.

Birdaniga katta, zerikarli mashaqqat osondek tuyuldi va ishtiyoq bilan sanab chiqdim. 10 ta xalqani qo’shib chiqdim va nechtaligi ma’lum bo’ldi. Va’da qilingan 5 so’mni oldim. Shunaqa shirin tatidi haligi pulni olish 😁

Dadam aqliy mehnatni doim qadrlar va har doim aytar edi: “Bolam, sen bilan bizni faqat aqlimiz boqadi, aqlimiz qutqaradi, kitob o’qishimiz kerak, rivojlanishimiz kerak” der edi. Biz kim ekanligini men faqat men va dadam deb tushunar edim u paytlarda. Vaqtlar o’tib biz bu kengroq tushuncha ekanligini angladim.

Professor odam “og’lim kitob o’qishing kerak” emas, balki “biz kitob o’qishimiz kerak” der edi.

Guruchni nechta ekanligi hozir esimda yo’q, lekin o’sha kun aniq esimda 😁

Bek Olimjon