Chet elda shifokor bo’lib ishlash maqsadida bo’lgan O’zbekistonlik talabalarni o’ylantiradigan savollarga javob yozay dedim. Savollar quyidagicha:
- O’zbekistonda tibbiyot instituti (bakalavr) diplomi o’tadimi?
- Yevropada klinik sohalarda magistratura yoki ordinatura qilsa bo’ladimi? Bo’lsa kontrakti qancha?
- Yevropada mutahassis (misol uchun: kardiolog, oftalmolog, pediatr, umumiy xirurg va hok) bo’lish uchun nima qilish kerak?
- Rezidentura nima va kontrakti qancha?
- O’zbekistonda magistratura yoki ordinatura o’qigan bo’lsam, Yevropada shu diplomim yordam beradimi?

O’z tajribamdan kelib chiqib, bilganimcha javob berishga harakat qilaman. Savollar umumiy bo’lgani uchun javoblar ham bir oz umumiy. Ayrim narsalar davlatga qarab biroz farq qilishi mumkin, lekin uncha katta farq yo’q.
Javoblar:
- O’zbekistonda tibbiyot instituti (bakalavr) diplomi o’tadimi?
Ha. O’zbekiston tibbiyot instituti diplomlari o’tadi. Bu uchun institut akkreditatsiyadan o’tgan bo’lishi va xalqaro ma’lumotlar bazasida bo’lishi shart. O’zbekistondagi mavjud tibbiyot institutlari diplomlari Yevropada ham, AQshda ham o’tadi. Akfa universiteti haqida bilmayman. Chunki O’zbekistonda yangi ochilgan universitet yoki institutlar diplomi Yevropaning barcha davlatlarida ham o’tavermaydi. Misol uchun Toshkentdagi INHA universiteti diplomlari Germaniyada o’tmaydi. Shuning uchun ham INHAni tamomlaganlar Germaniyaga magistraturaga kira olishmaydi.
TMA, ADTI, TashPMI, Samarqand, Buxorodagi tibbiyot institutlari diplomlari tan olinadi. Diplom tan olinadi deganda, sizni 6 yoki 7 yil o’qiganingiz tan olinadi. Ammo sizning tibbiyot bo’yicha bilimlaringiz avtomat ravishda tan olinmaydi. Diplom tan olingani bilan bu odamga tibbiyot sohasida ishlashga ruhsat tegadi degani emas. Shifokor bo’lib ishlash uchun shifokorlik litsenziyasini olish shart. Bu uchun asosan ikkita narsa muhim: 1) diplom tan olinishi va 2) sizda tibbiyotda yetarli bilimlaringiz borligi. Tibbiyot bo’yicha bilimlaringiz o’sha davlatdagi tibbiyot institutlari bitiruvchilari bilimlari bilan bir xil darajada bo’lishi kerak. Bilim darajasini aniqlash uchun o’sha davlat tilida tibbiyotdan yakuniy imtihon topshiriladi. Bu AQShda USMLE, Germaniyada Approbation, Shvetsiyada Kunskapsprov, Norvegiyada Fagprøve deyiladi. Har bir davlatni o’z davlat tilida imtihoni bor. Boshqacha qilib aytganda o’sha davlatda shifokor bo’lib ishlash uchun o’sha davlat tilini bilish va unda tibbiyot bo’yicha imtihon topshirish shart. Imtihondan o’tgandan keyin o’sha davlatda tibbiyot institutini endi bitirgan shifokor bilan bir xil daraja va litsenziya beriladi.
2. Yevropada klinik sohalarda magistratura yoki ordinatura qilsa bo’ladimi? Bo’lsa kontrakti qancha?
Yevropada klinik sohalarda mutahassislik darajasiga erishish O’zbekistondagi tizimdan keskin farq qiladi. Ordinatura yoki magistratura degan narsa yo’q. Shuning uchun kontrakt degan narsa ham yo’q.
3. Yevropada mutahassis (misol uchun: kardiolog, oftalmolog, pediatr, umumiy xirurg va hok) bo’lish uchun nima qilish kerak?
Yevropa davlatlarida mutahassis bo’lish uchun tibbiyot institutini tamomlagandan keyin 1-1,5 yil umumiy tibbiyot bo’yicha ishlanadi. Umumiy deganda terapiya, umumiy xirurgiya, ortopediya, psixiatriya, UASH va hok. Odatda birinchi 12 oyni markaziy kasalxonalarda, keyingi 6 oy davomida tumanlarda ishlanadi. Ana undan keyingina mutahassislikka tayyorgarlikni boshlash mumkin. (O’zbekistondagi kabi institutni iyul oyida bitirding, avgust oyida reanimatsiya bo’yicha ordinatura yoki magistraturaga qabul qilinding degan narsa yo’q.)
Yuqorida yozilgan kamida 1,5 yillik xizmatdan keyingina mutahassislikka tayyorgarlik ko’riladi. Misol uchun Norvegiya yoki Shvetsiyani oladigan bo’lsak, institutni endi tamomlagan shifokor kamida 1,5 yil umumiy sohalarda ishlaydi. Uni muvaffaqiyatli tamomlagandan so’ng mutahassis bo’lish uchun dasturlarga topshiradi. Qabul ko’rsatkichi sohalar bo’yicha turlicha. Misol uchun oftalmologiya sohasida bitta o’ringa o’rtacha 20 ta nomzod to’g’ri keladi. Bir vaqtda 2-3 ta o’rin e’lon qilinadi odatda. Mutahassislikka tayyorlash dasturi rezidentura deyiladi. U kamida 5 yil davom etadi.
4. Rezidentura nima va kontrakti qancha?
Rezidentura nima ekanligi haqida oldingi javobda yozildi. Bu yerda ko’proq to’xtalamiz. Rezidentura bu mutahassis tayyorlash dasturi. Unga mutahassis bo’lishni maqsad qilgan shifokorlar qabul qilinadi. Ular rezidentlar deb ataladi. (turli davlatlarda nomi turlicha. Tushunish uchun umumiy nom ostida rezident/rezidentura deb yozyappan) Misol uchun oftalmologiya sohasini olaylik. U kamida 5 yil davom etadi. Har bir rezident uchun 5 yil davomida nimalar qilishi kerakligi oldindan aniqlashtirilgan bo’ladi. Rezident rezidentura davomida koʻz kasalliklari bilan kelgan bemorlarni qabul qiladi, diagnostika qiladi, davolaydi, bemorlarni operatsiyaga tayyorlaydi, operatsiyalarda ishtirok etadi, operatsiya qiladi va hok. Xullas to’laqonli mutahassis bo’lishi uchun kerakli bo’lgan barcha tajribani olishi kerak. To’liq mas’uliyat bilan, o’zini bemorlari bilan ishlaydi. Har bir rezidentga bitta ustoz (supervisor) biriktirilgan bo’ladi va savoli bo’lsa unga har doim murojaat qilishi mumkin. Navbatchiliklarda turadi. Rezident endi tajriba olayotgani uchun uni tepasida bitta mas’ul konsultant (katta shifokor) turadi. Rezident qo’lidan kelmaydigan har qanday qiyinchiliklarni, asoratlar yoki muammolarni hal qilishda o’sha katta shifokor muhim rol o’ynaydi. Endi kontrakt masalasiga keladigan bo’lsak, rezidentura davomida hech qanday kontrakt yo’q. Aksincha rezident bu kasalxona tomonidan ishga qabul qilingan hodim hisoblanadi va 100% ish haqqi oladi. Rezident bu shifokor, u bemorlarni davolaydi va bu mehnati uchun haq oladi. Oladigan oyligi oila boqish uchun yetadi.
5. O’zbekistonda magistratura yoki ordinatura o’qigan bo’lsam, Yevropada shu diplomim yordam beradimi?
Aynan bu masalada turli davlatlarda turlicha yondashuv. Umumlashtiradigan bo’lsak, O’zbekistonda olingan mutahassislik diplomi 90% holatlarda hech qanday foydasi yo’q. Ayniqsa ordinaturada olingan diplomni. Misol uchun men O’zbekistonda oftalmologiya bo’yicha ordinaturani tamomlaganman. Ammo u menga hozircha hujjat sifatida hech qanday foydasi tekkani yo’q. Norvegiyadayam, Shvetsiyadayam tan olinmaydi. Juda kam holatlarda, agar magistraturadan keyin bir necha yil ish tajribasiga ega bo’lsa, magistraturani ba’zi qismlari tan olinishi mumkin. Lekin buni muammosi juda ko’p. Eng asosiy muammolaridan biri bu o’sha magistratura davomida o’tilgan darslar va ish soatlarini tasdiqlaydigan hujjat ko’rsatish zarur. Misol uchun oftalmologiya bo’yicha TMAda magistrlik diplomini olgan odam Germaniyada ana shu diplomni tasdiqatmoqchi bo’lsa, u O’zbekistondagi 3 yillik magistratura davomida bajargan barcha muolajalarini, qanday kasalliklar bilan nechta bemor ko’rganini, nechta operatsiya qilgani va shunga o’xshash mayda-chuydalarigacha aniq bo’lgan hujjatni taqdim qilishi shart. Men uchun O’zbekistonda bunday hujjat olishdan ko’ra Germaniyada 5 yil qaytadan ishlab qo’yish osonroq 🙂
Umumiy xulosa nima? Xulosa shuki, Yevropada mutahassis bo’lmoqchimisiz, O’zbekistonda magistratura yoki ordinatura qilib boshni qotirib vaqtni ketkazgandan ko’ra, institutni tamomlashingiz bilan ketganingiz afzal.
Balki foydasi tegar…
Bek Olimjon,
26.02.2020
Oslo
Leave a Reply