Mendan oftalmologlar uchun ICO (International Council of Ophthalmology) grantlari haqida soʻrab turishadi. Soʻraydiganlar asosan ICO grantlari nima ekanligini eshitganlar, lekin uni olish uchun nimalar qilish kerak ekanligini bilmaydigan oftalmologlar. Quyida ICO grantlari olish uchun avval umumiy maʻlumotlar va oʻz tajribamdan kelib chiqqan holda nimalar qilinishi kerakligini yozmoqchiman.

Birinchi oʻrinda ingliz tili oʻz fikrini tushuntira oladigan, email orqali yozishma qila oladigan, ingliz tilida bemor va hamkasblar bilan ish yurita oladigan darajada bilish juda muhim. Agar siz ingliz tilini umuman bilmasangiz uni oʻrganish kerak. Ingliz tilisiz grant olish imkoniyatlari juda cheklangan.

ICO quyidagi 9 turdagi grantlarni taklif etadi:


ICO Three-Month Fellowships

ICO-Children’s Eye Cancer Foundation Three-Month Retinoblastoma Fellowship

ICO-International Uveitis Study Group (IUSG) Three-Month Fellowships

ICO-World Glaucoma Association (WGA) Three-Month Fellowships

ICO-Eye Cancer Foundation (ECF) Six-Month Fellowships for Diagnosis and Therapy of Retinoblastoma

ICO-Retina Research Foundation One-Year Helmerich Fellowships

ICO-Fred Hollows Foundation One-Year Subspecialty Fellowships

ICO-NEI/NIH One Year Fellowship in Ocular Genetics

ICO-Allergan Advanced Research Fellowship (One Year)

Bu grantlar ichida Oʻzbekiston sharoitida, oilali, ishli oftalmolog uchun 3 oylik grant eng maʻqul variant. 3 oylik grantni yutish ham nisbatan osonroq. Bu grantni yutgan mutahassis chet elda oʻzi tanlagan klinikada 3 oy ishlab malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Grant haqida qisqacha maʻlumot. (Toʻliq maʻlumotni ICO saytidan olsa boʻladi)

  • Rivojlanayotgan davlatlarda ishlayotgan oftalmologlarni bilim va koʻnikmalarini oshirishga yordamlashish uchun tashkil etilgan.
  • Maksimum 6000$ miqdorda mablagʻ beriladi. Bu transport va yashash harajatlarini qoplash uchun.
  • Yiliga 60-90 ta odamga beriladi (shuning uchun ham osonroq olish)

Talablari qanday

  • Toshirayotgan mutahassis oʻz davlatida rezidenturani (ordinatura/magistratura) tamomlagan boʻlishi shart
  • 40 yoshdan oshmagan boʻlishi
  • Grant yutgan mutahassis grant boʻyicha ishlaydigan joydagi tilda erkin muloqot qila olishi kerak.
  • Agarda ICO imtihonlarini topshirgan va oʻtgan boʻlsa bu bonus
  • ICO ga aʻzo davlatlardan topshirgan mutahassislarga alohida eʻtibor beriladi. (Oʻzbekistan aʻzo boʻlgan)

Qanday topshiriladi

  • Hujjatlarni topshirish muddati har yili 2 marta. 31-mart va 30-sentyabrgacha
  • Agar avval topshirgan boʻlsa va rad javobini olgan boʻlsa topshirish mumkin emas
  • Topshirish uchun anketa online olinadi (online application)
  • Savollar boʻlsa mana bu joyda koʻp berilgan savollarga javoblarni oʻqish mumkin. Agarda savollarga javob topilmasa quyidagi email orqali ICO Fellowship Committee fellowship@icoph.org bilan bogʻlanish mumkin

Men 3 oylik grant olganman va uni Norvegiyada oʻtganman. U paytda ingliz tilida bemalol muloqot qila olar va ish yurita olar edim. Norveg tilida bemorlar bilan muloqot qila olar edim. Shu sababli til masalasida muammo boʻlmagan. Birinchi bosqich bu anketani 31-martgacha topshirganman. ICO hujjatlarni koʻrib chiqqan va uni grantga loyiq deb topgan. Undan keyin ICO mendan malaka oshirmoqchi boʻlgan klinika bilan bogʻlanishimni va u yerdan rozilik olishimni talab qilgan. Eng qiyin bosqichi ham shu. Chunki juda koʻp klinikalar chet davlatdan birorta odam kelib u yerda ishlashidan manfaatdor emas. Ayniqsa Amerika va Yevropadagi klinikalar. Shuning uchun bu markazdagilar siz yuborgan soʻrovnomaga shunchaki eʻtibor berishmaydi yoki chiroyli qilib rad javobi beradi. Bir vaqtda bir nechta klinika bilan bogʻlanish mumkin emas. Bir klinika bilan bogʻlangandan keyin qayta-qayta bogʻlanish mumkin emas. Soʻrovnomani joʻnatasiz va kutasiz. Meni tajribamda 90% klinikalar umuman javob bermagan. Bu bosqich apreldan-dekabrgacha (9 oy) davom etgan. Bir kuni konferensiyada Norvegiyalik bir professor bilan tanishib qolganman va unga ushbu imkoniyat borligi, undan rozilik xati kerak ekanligini aytib tushuntirganman. Uzoq davom etgan yozishmalardan keyin u professor rozi boʻlgan. Rozilik xatini ICOga yuborgan. ICO pulni men aytgan hisob raqamiga oʻtkazib bergan.

Shu oʻrinda muhim narsa. Klinika tanlashda sizdagi asosiy maqsad nima ekanligini aniqlab olishni tavsiya etaman. Agarda sizda 3 oy davomida bemor bilan ishlab amaliy koʻnikma oʻrganish maqsad boʻlsa unda Amerika yoki Yevropa davlatlaridan qidirmagan maʻqul. Sababi u davlatlarda bemor bilan ishlash uchun litsenziya talab etiladi. Litsenziyasiz bemorlar bilan ishlash mumkin emas. Agar amaliy koʻnikma oshirish maqsad boʻlsa Hindiston eng yaxshi variant menimcha. Agar Amerika va Yevropadagi klinika standartlari, ish yuritishi, bemorlarni davolash, ilmiy-ish kabilarni oʻrganish maqsad boʻlsa unda shuni tanlagan maʻqul. Jarrohlikni oʻrganish uchun Amerika yoki Yevropani tanlashni aslo tavsiya etmayman. Chunki u davlatlarda operatsiya qilishga haqqingiz boʻlmaydi.

Topshirmoqchi boʻlgan barchaga omad tilayman!

Dr. Bek Olimjon

28.09.19, Oslo, Norvegiya