Katarakta – koʻz tabiiy gavharining xiralashishi. Xalq tilida “koʻzga parda tushish” deb ham nomlanadi.

Rasm manbasi: Mayo Foundation for Education and Medical Research
Katarakta kasalligi va uni davolash haqida yaxshiroq tasavvur hosil boʻlishi uchun koʻzni soddalashtirilgan holdagi tuzilmasini oʻrganib chiqamiz. Koʻz tabiiy gavhari koʻz olmasini ichida joylashgan, uni toʻliq koʻrish uchun koʻzni “yechintirib” koʻrish kerak. Rasmda koʻk koʻzli qiz, hech qanday katarakta belgilari yoʻq.

Agar ana shu koʻzni qovoqlardan ajratadigan boʻlsak mana bunday holatga keladi. Bu yerda sxematik ravishdagi rasmi koʻrsatilgan, chunki qovoqlardan ajratib olingan haqiqiy koʻzni koʻrishga hammani ham yuragi dosh bermaydi 🙂

Koʻz olmasi tahminan 2.5 cm oʻlchamdagi kichik oq toʻpga oʻshaydi, lekin tuzilishi jihatdan juda murakkab aʻzo. Katta oq, mayda qon-tomirlari bilan oʻralgan qismi sklera yoki koʻz oqi deyiladi. Oldingi qismida koʻk rangda koʻrinib turgan, koʻz rangini belgilaydigan qism rangdor parda deyiladi. Uni oʻrtasidagi qora doira shaklidagi qism bu qorachiq boʻlib hech narsadan iborat emas yaʻni oddiy doira shaklidagi teshik xolso. Rangdor parda oldingi qismida sezuvchanligi juda yuqori boʻlgan shaffof shox parda (ruschadaроговица). Rangdor parda bilan shox pardani shunday qarab ajratish qiyin, lekin koʻz olmasini pichoq bilan olmani ikkiga boʻlgandek boʻlsak hammasi boshqacha koʻrinishiga ega boʻladi.

Koʻz gavhari rangdor parda orqasida joylashgan, rangdor parda esa shox parda orqasida joylashgan. Rangdor parda va shox parda orasida tahminan 3 mm lik boʻshliq bor. Rangdor parda oʻrtasidagi hech teshik, yaʻni qorachiq, koʻz ichiga qancha yorugʻlik tushishini boshqaruvchi apparat. Yorugʻda torayib koʻz ichiga ortiqcha nur tushishdan saqlasa, qorongʻida kengayib koʻproq nur tushishini taʻminlaydi.

Rangdor pardani shunday orqasida koʻz tabiiy gavhari joylashgan (tabiiy deb yozilgani sababi, sunʻiy gavharlar ham bor. Ular haqida pastroqda). Koʻz gavhari diametri tahminan 10 mm, qalinligi tahminan 4 mm keladigan, yapaloq shakldagi, jelyesimon, shaffof narsa. Ustidan kapsula bilan qoplangan. Haqiqiysi mana bunday koʻrinishga ega.

Koʻz tabiiy gavhari shaffof boʻlib kuchli lupa vazifasini bajaradi va koʻz toʻr pardasiga (nerv qismiga) tushayotgan nurlarni bitta nuqtaga jamlab berib, koʻzni tiniq koʻrishiga imkoniyat yaratadi. Har bir insonda vaqt oʻtishi bilan qarish jarayoni tufayli organizmda turli oʻzgarishlar kechadi. Misol uchun teriga ajin tushishi, soch oqarishi, boʻgʻimlar sustlashishi va hok. Huddi shunday koʻzda ham qarilik bilan birga kechadigan bir qancha oʻzgarishlar bor va ulardan biri ana shu shaffof gavharni xiralashuvi, baʻzan “loyqalanishi” deyiladi. Natijada koʻzga tushayotgan nurlar ana shu xiralashuv tufayli toʻsiqqa uchraydi va nurlar bitta nuqtaga yigʻilmay qoladi. Qarabsizki avval tiniq koʻrayotgan koʻz endi tiniq koʻrmaydi. Xiralashuvni turli bosqichlari va turli koʻrinishlari bor.

Pastdagi rasmlar ana shunday xiralashuvlarda inson qanday koʻrishi haqida tassavur paydo qilishga yordam beradi.


Agarda katarakta erta vaqtda davolanmasa koʻrish borgan sari yomonlashib boradi. Davolash turi FAQAT JARROHLIK USULI bilan. Hozirgi kunda hech qanday tabletka, kapsula, vitamin, damlama, tomchi dori yoki ukol bilan davolash imoniyati hech qayerda yoʻq. Yaponiyadayam, Germaniyadayam, Hindistondayam, Amerikadayam yoʻq. Agar katarakta borligi aniqlansa operatsiya qildirishga tayyorgarlik koʻraverish kerak.
Operatsiya ana shu xiralashgan gavharni olib tashlashga va uni oʻrniga nurlarni yigʻib berish hususiyatiga ega boʻlgan sunʻiy gavhar qoʻyishga qaratilgan. Katarakta operatsiya si dunyoda eng koʻp amalga oshiriladigan amaliyotlardan biri. Hozirgi kunda asosan 2 xil usulda bajariladi. Eng havfsiz usul deb fakoemulsifikasiya amaliyoti tan olingan. Odatda narkoz shart emas, baʻzan alohida koʻrsatmalar sabab umumiy narkoz qilish mumkin. Odatda faqat operatsiya boʻlayotgan koʻzni oʻziga tomchi tomizib yoki atrofiga inyeksiya qilib ogʻriqsizlantiriladi. Davomiyligi oʻrtacha 10-15 daqiqa davom etadi. Ushbu operatsiyada shox pardada 3 ta tirqish (bitta tahminan 2-3 mm va ikkita 0.5-1 mm) ochiladi. Shu tirqishlardan maxsus asboblar yordamida koʻz ichiga kirib, rangdor parda orqasiga oʻtib, gavhar kapsulasi ochilib uni ichidagi xiralashgan qismi ultratovush yordamida maydalanadi va soʻrib olib tashlanadi. Boʻshab qolgan gavhar kapsulasiga sunʻiy gavhar qoʻyiladi. Sunʻiy gavhar turlari rasmda koʻrsatilganidek turli shaklda.


Quyidagi videoda katarakta operatsiyasi toʻliq koʻrsatilgan.
Katarakta operatsiyasining yana bir turi shox pardadagi tirqishlar oʻrniga uni kattaroq oʻlchamda kesish (5-7 cm) orqali bajariladigan usullar, kataraktaning ekstrakapsulyar ekstraksiyasi (ECCE yoki SICS) deyiladi. Bu usullar zamonaviy oftalmologiyada “eskirgan” hisoblansada ayrim asoratli holatlarda fakoemulsifikatsiya usulidan afzalroq. Shuningdek, bu usul narh jihatdan ancha arzon. Katarakta operatsiyasi muvaffaqiyatli boʻlish ehtimoli juda yuqori va bu amaliyot har kuni minglab bemorlarda bajariladi. Har qanday jarrohlik amaliyotida asorat boʻlish ehtimoli boʻlganidek, ushbu operatsiya ham asoratlardan xoli emas. Asoratlar bir necha kun davomida oʻtib ketuvchi yengil asoratlardan tortib bemor koʻrish qobiliyatining butunlay yoʻqolishigacha boʻlishi mumkin. Muvaffaqiyatli oʻtgan hollarda bemor operatsiya zalidan koʻzini ochgan holatda chiqib ketishi mumkin. Odatda koʻzga bakteriya tushmasligi uchun koʻzni steril doka yoki shunga oʻxshash maxsus material bilan 12-18 soatga yopib qoʻyiladi va ertasi kuni ochish mumkin. Odatda operatsiyadan keyin koʻzga hech qanday ukol qilish shart emas. Bakteriya tushishi va yalligʻlanish oldini olish uchun operatsiyadan keyin bir necha hafta dori tomizib yurish tavsiya etiladi.
Hozirgacha yozilganlar barchasi bu keksalik bilan birga keladigan katarakta haqida edi. Har bir inson organizmi turlicha boʻlgani va qarish jarayoni turlicha boʻlgani uchun katarakta rivojlanish yoshi ham turlicha boʻladi. Kimdadir 50 yoshda, yana kimdadir 70 yoshda rivojlanadi.
Kataraktani ertaroq rivojlanishiga sabab boʻluvchi quyidagi omillar ham bor:
- qandli diabet
- steroidlar bilan davolanish
- chekish
- turli xil koʻz kasalliklari
- ultratofush nurlarga koʻp qarash (misol uchun qora koʻzoynak taqmaslik)
- koʻzga jarohat olish
- nasliy moyillik va hok.
Bundan tashqari chaqaloqlar katarakta bilan tugʻilishi ham mumkin, lekin hamma tugʻma katarakta ham operatsiya qilishga sabab emas. Ayrim turlarini operatsiya qilmasdan faqat kuzatiladi va vaqt oʻtishi bilan “soʻrilib” ketishi mumkin. Bolalar kataraktasi bu alohida mavzu.
Kataraktani aniqlash oftalmolog huzurida mahsus tekshiruvlar bilan amalga oshiriladi. Aniqlangandan keyin operatsiyaga tayyorlash jarayonida juda sinchkovlik bilan turli xil tekshiruvlar bajarilib, koʻzdagi bir nechta oʻlchamlar olinib bemorga togʻri keladigan oʻlchamdagi gavhar tanlanadi.
Bu yerda berilgan maʻlumotlar oz boʻlsada foydali boʻldi degan umiddaman.
14.02.2019, Oslo, Norvegiya Dr. Bek Olimjon ©
January 28, 2020 at 12:21
qoyil! lekin bitta savoldaa mana shu saytga faqatgina o’zingiz maqola yozmoqchimisiz?, balkim konkurs-ponkurs qilib maqolalarni ko’paytirsak zo’r bo’lardimiii, yoki saytning har bir foydalanuvchisi maqola yozishi, va u siz tomoningizdan moderatsiyadan otishi, va saytga joylanishi, ahir bu zorkuu! Balkim foydasi tegar…
November 13, 2021 at 11:18
kesma o’lchami 5-7 sm emas mm bo’lishi kerak menimcha xatolik ketib qolgan
November 9, 2022 at 06:29
Meni 1yarim yosh bolamda doktor tugma katarakta deb tashhis qoydi operatsiya ertaga bo’lib otadigan boldi bu operatsiyadan keyin bolamning kozlari toliq kora boshlaydimi