Meni kasbim oftalmolog, xalq tili bilan aytganda koʻz doʻxtirman. OIlamni koʻz kasalligi bilan ogʻrigan bemorlarni davolash va koʻz kasalliklari ustida ilmiy ishlar oʻtkazish bilan boqaman. Baʻzan tibbiyotni boshqa sohalarida ham ishlab turaman. Med. institutni Oʻzbekistonda oʻqiganman, kimdir uchun taqdir taqozosi bilan, yoki omadim kelib yana kimdir uchun qattiq mehnatim tufayli turli davlatlar – Oʻzbekiston, Hindiston, Shvetsiya, Uganda va AQShda ishladim, kasbim orqali bir nechta davlatlarda malaka oshirish yoki sayohat qilish imkoni boʻldi. Hozirgi ish joyim Norvegiyada, kasbim hali ham koʻz doʻxtirlik. Na bilimi, na tajribasi boʻlgan odamlar internetda maslahat berishi moda boʻlgan paytda, men ham bilgan narsam haqida yozgim keldi. Balki foydasi tegar…

Mendan eng koʻp soʻraladigan savollardan biri bu miopiya nima va uni qanday davolash kerak degan savol. Maqola nomi aytib turganidek maqola miopiya va uni notoʻgʻri, lekin keng tarqalgan davolash usullari haqida boʻladi. Bu maqola koʻp oʻzbek koʻz doʻxtirlar nonini kesilishiga sabab boʻlishi mumkin. Ayrimlari qargʻashiyam mumkin, lekin bemor va uni yaqinlari bu haqida bilishi shart deb hisoblayman. Shuni oʻrnida aytishim zarur, bu maqolada yozilgan fikrni qoʻllaydigan oʻzbek oftalmologlari ham koʻp. Balki ular duo qilar 🙂

Miopiya bu qoʻpol qilib aytganda uzoqdagi narsalarni xira koʻrish kasalligi. Hammamiz doim koʻzoynak taqib yuradigan kimnidir taniymiz. Ana oʻshalarni aksariyatida miopiya bor.

Miopiya haqida yanada tushunish osonroq boʻlishi uchun quyidagi rasmga qarang. Chap tomondagi rasm sogʻlom koʻzli odam koʻradigan manzara va oʻng tomondagi esa miopiyasi bor odam koʻradigan manzara.

Sogʻlom koʻz va miopiyasi bor koʻz koʻradigan manzara solishtirganda.

Miopiyani turli xil darajalari va variantlari bor. Darajasiga qarab yengil, oʻrta va ogʻirga boʻlinadi. Darajasi ortgan sari koʻrish yomonlashib boraveradi va eng ogʻir darajasida xatto yaqindagi narsalar ham xira koʻrinadi. Variantlari haqida koʻp toʻxtalishga hojat yoʻq, chunki ilmiy terminologiyasi koʻp va tushunish oson emas (qulogʻizga aytaman, koʻp doʻxtirlar ham tushunmaydi aslida). Misol uchun astigmatizm, uni toʻgʻri va notoʻgʻri turlari, turli xil oʻqlarda boʻlishi va hokazo. Oddiy bemor uchun bularni unchalik katta ahamiyati yoʻq aslida. Oddiy qilib aytganda miopiyasi bor koʻz “razmeri” sogʻlom koʻznikidan koʻra kattaroq boʻladi. Huddi kimnidir oyoq razmeri 40 yana kimnidir oyoq razmeri 45 boʻlganidek. Bemor odamni bunday narsalar qiziqtirmaydi, bemorni qiziqtiradigan narsa bitta. “Qanday qilib boʻlsayam tiniq koʻrishga erishish va yomonlashishi oldini olish.” Ana shunday maqsadlarda koʻplab bemorlar koʻz doʻxtirlar qabuliga tekshiruvga yordam izlab boradi. Doʻxtirlar turli xil asbob uskunalarda, tomchilar tomizib, rasmlarga olib obdon tekshirib koʻrishadi va obdon tushuntirishadi, yoki bemor koʻziga lupasida 1-2 minut qarab “sizda miopiya bor, uni davolash kerak, “lechenya” yozib beraman, menga bir hafta qatnab turasiz” deyishadi. Hoʻsh bu “lechenya” nimadan iborat? Odatda bunday “lechenyalar” koʻz uchun turli mashqlar, koʻzni mashq qildiradigan maxsus koʻzoynak, turli xil vitaminlar, Chernika-Forte, antioksidantlar va koʻz atrofidagi qon aylanishni yaxshilaydigan moddalarni oʻz ichiga oladi. Miopiyani bunday davolash turlari sobiq sovet vaqtidan qolib ketgan boʻlib, ayrim koʻz doʻxtirlar yangi maʻlumotlar oʻqimasligi yoki oʻqisayam fanni inkor qilishi tufayli haligacha qoʻllanilib keladi. Oʻsha doʻxtirlarni bu davo turlarini yordam bermasligini bilib turgan holda haligacha shunday dorilar berishini yana bir sababi balki “lechenya”ga qatnaydigan bemorlarni 5-10 ming soʻm qoʻl haqqi berishi boʻlsa ajablanmayman.

Bunday davo turlari asosan 3 xilga boʻlinadi.

  1. Koʻz mashqlari, shu jumladan mashq uchun maxsus teshiklari koʻp boʻlgan koʻzoynak.
  2. Ichish uchun turli xil vitamin tabletka, kapsula, suyuqlik, poroshok va hok. Baʻzan Herbalife, Elev8 yoki shunga oʻxshagan chet el firmalarini palon pul turadigan dorilari.
  3. Koʻz atrofi yoki chakkaga qilinadigan ukollar.

Mashq koʻz oynagi haqida qisqa gap. Hech qanday foydasi yoʻq unday koʻz oynaklarni, faqat vaqtingizni ketgazadigan xolos. 100 ta teshikli koʻz oynakdan qarab mashq qilasizmi, 1000 ta teshikli koʻz oynakdan qaraysizmi bu miopiyani davolamaydi. Tamom vassalom.

Turli xil vitamin preparatlar miopiyani davolashda befoyda. Koʻzni quvvatini oshirishi, qon aylanishini yaxshilashi, muskulini baquvvat qilishini daʻvo qiluvchi bunday vitaminlar foydasi aniqlanmagan. “Razmer” esingizda boʻlsa kerak. Rosa tushunishi qiyin boʻlgan odamga men “45 razmerli oyoqni vitamin ichib 40 qilib boʻladimi?” degan savol beraman. Ertaga sizga ana shunday vitaminlarni miopiyani davolashi haqida gapirishsa ana shu savoldan qoʻrqmay foydalanavering. Hech qanday vitamin yoki dori turi bunday qudratga ega emas. Chet elniki u yoqda tursin, oydan olib kelgan boʻlmaydimi. Eng qiziq narsa shuki maqolani oʻsha chet eldan turib yozyapman. Sizga aytilayotgan chet elda unday davo turlarini qoʻllash nafaqat notoʻgʻri balki bemorni aldanayotganligi sabab jinoyat darajasigacha koʻtarilgan.

Men mutahassis sifatida butun vujudim bilan qarshi boʻlgan davo turi bu koʻzni atrofiga qilinadigan turli xil ukollar.

Rasmda ana shunday ukol qilish jarayonlaridan biri.*

*Rasm operatsiyadan oldingi ogʻriqsizlantirish uchun qilinadigan inyeksiyani koʻrsatgan. Chet ellarda miopiyani ukol bilan davolash yoʻqligi uchun uni rasmi ham yoʻq. Bu rasm shunchaki tasavvur xosil qilish uchun.

Endi ana shunday qilinadigan ukolni koʻzni qaysi qismiga qilishini yanada yaxshiroq tushuntirib beradigan rasm.*

*Rasmda yana oʻsha operatsiyadan oldingi gʻriqsizlantirish uchun qilinadigan ukol chizmasi, lekin miopiyani davolayman degan doʻxtir qiladigan ukolni bundan farqi yoʻq. U ham qovoq orqali koʻzni ichiga qiladi.

Nega bu usulga men butun vujudim bilan qarshiman? Birinchi oʻrinda qilayotgan dorisini asosi yoʻq. SSSR paytidan qolgan taufon, emoksipin, retinalamin yoki yana shunga oʻxshash qandaydir, faqat ayrim sobiq sovet davlatlarida, shu jumladan Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardagina ishlatiladigan, boshqa chet davlatlarida hech qanday nomga ega boʻlmagan, yoki tasdiqlanmagan, hattoki ishlatilishi taʻqiqlangan dorilar. Ikkinchi oʻrinda bunday usul koʻz uchun JUDA HAVFLI. Ukol qilish paytida koʻzni teshib qoʻyish hech gap emas. Oʻzbekistondagi ish faoliyatimda bir nechta ana shunday davolar asorati sabab koʻzi teshilgan bemorlarni, ayniqsa yosh bolalarni koʻrganman. Achinarli holat. Miopiya kasalligida aytib oʻtganimdek koʻz “razmeri” kattalashadi, yaʻni koʻz choʻziladi. Bunda koʻz olmasi devori yupqalashadi va igna bilan teshilishi yanada osonlashadi. Uchinchi oʻrinda koʻz atrofida muhim boʻlgan tomirlar juda koʻp. Ularni qayerdan oʻtishini oddiy koʻz bilan koʻrish imkoniyati yoʻq. Ukol qilish jarayonida ana shunday tomirlarni biriga igna kiradigan boʻlsa kattagian qonash yuzaga kelishi mumkin. Toʻrtinchi oʻrinda koʻz atrofida mayda va yirik nervlar koʻp. Tomirlarga sanchilgan igna nervlarga ham sanchilishi va ularni falajlash ehtimoli yoʻq emas. Beshinchidan, koʻz atrofida koʻzni oʻngga, chapga, yuqori va pastga qarashini taʻminlaydigan 6 ta muskullar bor. Ular nomi koʻz tashqi muskullari deyiladi. Ana shu muskullarni igna bilan jarohatlanishini ukol qilayotgan odam oldini olishga garantiya bermaydi. Garantiya haqida oʻrni kelganda bir gap. AGAR SIZGA DOʻXTIR GARANTIYA BERAMAN DESA, BUNDAY DOʻXTIRDAN IKKI OYOGʻINGIZNI QOʻLGA OLIB TEZDA QOCHING. Qilayotgan ishiga va gapirayotgan gapiga aqli yetgan, oʻzini, kasbini va ayniqsa bemorni hurmat qilgan shifokor hech qachon kasallikni tuzalishiga kafolat bermaydi.

Miopiyani qanday qilib davolamaslik haqida shuncha gapirgandan keyin, uni qanday qilib davolash kerakligi haqida ham ozgina yozmasam boʻlmasa kerak. Haqiqiy davo turlari yana oʻsha “razmer”ga borib taqaladi. Miopiyani isbotlangan, bemorga foydasi tegadigan va butun dunyoda qoʻllaniladigan 3 xil davolash turi bor. Uchala tur xam oʻsha “razmerni” kichraytirishga qaratilgan. Birinchi turi bu koʻz oynak taqish. Ikkinchi turi esa linza taqish. Bu ikkala turi kattaroq oyoqqa kattaroq “razmerdagi” oyoq kiyimi olishdek gap. Uchinchi turi esa jarrohlik yoʻli bilan davolash. Bunda oshiqcha “razmer” kesib olib tashlanadi. Bunday davo turlari foydasi, zarari, havfi, kimlarga mumkin, kimlarga mumkin emasligi, jarrohlikdan keyingi asoratlar va hokazolar har biri alohida katta mavzu. Ular haqida maʻlumot berish bu maqola maqsadidan tashqari.

Xulosa shuki, agar sizda yoki siz tanigan biror insonda miopiya boʻlsa va doʻxtir tepadagi soxta davolarni tavsiya etsa u doʻxtirga qaytib bormang. U doʻxtir oʻz sohasi haqida kitob oʻqimaydigan va oʻzini ustida ishlamaydigan doʻxtir.

10.02.2019, Oslo, Norvegiya Bek Olimjon ©